
Joriy yilning 19-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda davlat buyurtmachilarining masʼul xodimlari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida yashil davlat xaridlarini amalga oshirish uslubiyoti” mavzusida muloqot maydoni tashkil etildi.
Seminar-treningda respublikaning barcha hududlaridan davlat buyurtmachilari vakillari, shahar va tuman gʻaznachilik boʻlinmalari masʼullari hamda uch yuzdan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda “yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida ishtirokchilarga tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, “yashil” mezonlar asosida davlat xaridlarini amalga oshirish, takliflarni koʻrib chiqish va baholash metodologiyasi hamda milliy va xorijiy ekologik mezonlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar boʻyicha ishtirokchilarga atroflicha tushuntirishlar berildi.
Tadbir ishtirokchilari “yashil” davlat xaridlarini amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlar va ularning yechimlari haqida mutaxassislardan asoslantirilgan javoblar olishdi hamda mavzular doirasida fikr almashishdi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda “yashil” davlat xaridlarini samarali amalga oshirishga, “yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash va kelgusida ushbu xarid jarayonlarini takomillashtirib borishga muhim ahamiyat kasb etadi.