
Joriy yilning 4-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi direktori I. Xamidova hamda “ALFRAGANUS UNIVERSITY” nodavlat oliy ta’lim tashkiloti rektori M. Maxmudov ishtirokida hamkorlik memorandumi yuzasidan uchrashuv tashkil etildi va ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik memorandumi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi va Alfraganus universiteti o‘rtasida iqtisodiyot yoʻnalishidagi oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlashda, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohasida, malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash qoʻshma dasturlarini ishlab chiqish, professor-oʻqituvchilarning oʻzaro tajriba almashishi uchun mobillik dasturlarini ishlab chiqish, qoʻshma tadqiqotlar va nashrlarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro foydali manfaatlar asosida tuzildi.
Memorandumning maqsadi tomonlar o‘rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish korxonalari samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarga mos inson resurslarini samarali boshqarishning zamonaviy tizimlari asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ular bilan ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mehnat bozoridagi o‘zgarib borayotgan tashqi va ichki konyunkturaga mos ravishda kadrlar salohiyatini doimiy rivojlantirish zarur bo‘lgan strategiyalarini hamkorlikda ishlab chiqish, tomonlar kadrlar salohiyati va tajribasidan unumli foydalanish hamda bu bo‘yicha ta’lim dasturlarini, maqsadli amaliyot va stajirovka rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat.
Alohida ta’kidlash kerakki, tomonlar o‘rtasida ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarni malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlash, kadrlar malakasini yuklatilgan vazifalar va zamonaviy ehtiyojlarga mos darajaga ko‘tarish, korxona va tashkilotlar boshqaruvi uchun istiqbolli iqtisodchi kadrlar zaxirasini shakllantirishda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, zamonaviy boshqaruv tamoyillarini puxta egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga ko‘maklashish hamda ularning yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish, bo‘lg‘usi mutaxassis yoshlarda yuksak kasbiy odob-axloqni, korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish, raqobatbardosh va istiqbolli kadrlar tayyorlash mexanizmini ishlab chiqishda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar hamkorligida taʼlim, ilmiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil sohasida umumiy yo‘nalishlar belgilab olindi.