
Istiqlol yillarida ona-o‘zbek tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi
PF–5850-son “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb
e’lon qilindi.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda O‘quv markazi direktori Iroda Xamidova davlatimiz rahbarining: “O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”, – deya o‘zbek til haqida e’tirof etgan fikrlariga alohida to‘xtalib, davlat tili millat ruhi va millat tafakkurining yorqin ifodasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, bayram arafasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘quv markazi xodimlari uchun “O‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish” bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kursi tashkil qilindi.
O‘zbek tili bayramiga tuhfa sifatida mazkur o‘quv kursi yakuni bo‘yicha O‘quv markazi xodimlariga sertifikatlar topshirildi.