Byulleten O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2011-yil 11-iyundagi 62-sonli “Moliyachi ma’lumotnomasi” byulleteni faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan Moliya vazirligi huzuridagi moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash O‘quv markazi muassisligida tashkil etilgan.
“Moliyachi ma’lumotnomasi” byulleteni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 2011-yil 15-sentabrda 0809-sonli guvohnoma bilan ro‘yxatga olingan.
2011-yil 15-avgustda Markaz direktori tomonidan tasdiqlangan “Moliyachi ma’lumotnomasi” – “Cправочник финансового работника” Ilmiy-amaliy tahririyatining Nizomi uning huquqiy asoslarini belgilaydi.
“Moliyachi ma’lumotnomasi” byulleteni har oyda bir marotaba chop etiladi.
Tahririyat ijodiy jamoasining tarkibi: bo‘lim boshlig‘i, bosh muharrir, mas’ul muharrir, veb analitik, adabiy muharrir, muharrir-tarjimon, rassom-dizayner, marketing bo‘yicha mutaxassis, buxgalter-iqtisodchi, haydovchi.
Tahririyat xodimlarining faoliyatida maqolalarni o‘zbek va rus adabiy hamda iqtisodiy-ilmiy til normalariga asoslangan holda chuqur va yuksak saviyada tahrir va tarjima qilish, chop etishga tayyorlash, original-maketni tayyorlash va uni bosmaxonaga topshirish, korrekturani o‘qish, byulletenni chop etish jarayonlari bo‘yicha davlat standartlari, normativlari va talablari; bosma mahsulotni chop etishda namunaviy texnologik jarayonlar; jurnal yo‘nalishi bo‘yicha yuksak saviyada maqolalar yozish; respublikaning iqtisodiy siyosatini shakllantiruvchi va amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning faoliyati; vazirlik tizimining asosiy yo‘nalishlari va ular bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni; OAV, xususan, obuna, ekspeditsiya bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni; fuqarolar murojaatlari bilan ishlash; obuna uyushtirish va respublika hududlari bo‘ylab bosma nashrni obunachilarga yetkazib berish, pochta tarqatuvchilar bilan ishlash; kitobot sohasi, dizayn va sahifalash ishi singari vazifalar amalga oshiriladi.
Moliya tizimiga oid materiallarni ko‘proq jalb qilish maqsadida tahririyat tomonidan Moliya vazirligining boshqarma va departamentlari, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqot instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va O‘zbekiston Milliy universitetining mutaxassislari bilan doimiy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
2012-yil 1-yanvardan 2020-yil avgustiga qadar jurnalning 104 ta soni nashr etilgan, respublikaning hududlari bo‘ylab obunachilarga yetkazib berildi.
Tahririyat faoliyatini olib borish uchun xodimlarning xizmat vazifalari, mualliflarga qalam haq to‘lash to‘g‘risida yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, har yili 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni tahririyatda alohida mehr bilan nishonlanadi.