
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi
Oʻquv markazi tomonidan maʼmuriy islohotlar natijasida vazirlik faoliyatiga kiritilgan oʻzgartirishlar va uning tarkibiy tuzilmasi bilan tizim xodimlarini yaqindan tanishtirish maqsadida “Vazirlik departamentlarining ustuvor vazifalari: ochiqlik va moliyaviy intizom” mavzusida vebinar o‘tkazildi.
Tashkil etilgan vebinarda vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan qator departamentlar, xususan, Qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash departamenti, Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi, Hududlarni kompleks iqtisodiy rivojlantirish departamenti hamda Mahalliy budjet tizimini takomillashtirish departamentining boshqarma boshliqlari, boʻlim boshliqlari va malakali mutaxassislari tomonidan tizimdagi faoliyat, departamentlar tuzilmasi, ularning asosiy vazifa va funksiyalari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Mazkur munozara va suhbat asosida bo‘lib o‘tgan vebinarda soha mutaxassislari ham faol ishtirok etib, ular tomonidan taqdim etilgan mavzular yuzasidan savollar berilib, atroflicha javob olindi. Shu bilan birga, kelgusida tizim faoliyatining rivoji, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan holda yanada raqamlashtirishga doir takliflar va mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlash joizki, o‘tkazib kelinayotgan bu kabi vebinarlar joriy yilning iyul–avgust oylarida reja-jadval asosida davom etishi, unda vazirlikning markaziy apparati departamentlari hamda mustaqil tarkibiy tuzilmalari faoliyatiga aloqador vazifalar yoritilishi belgilangan.