Joriy yilning 30-mart sanasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida “ALFRAGANUS UNIVERSITY” xususiy oliy taʻlim muassasasining “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” hamda “Moliya va moliyaviy texnologiyalar” fakultetlarining 2 kurs talabalari uchun “Oʻzbekiston Respublikasi budjeti jarayonida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Dastlab, seminar-trening ishtirokchilari Oʻquv markazining boʻlimlari, kafedralar va axborot-resurs markazining faoliyati bilan tanishtirildi.Shu bilan birga Oʻquv markazida moliyaviy savodxonlik doirasida olib borilayotgan tadbirlar yuzasidan maʼlumot berildi.

Seminar–trening davomida talabalarga Oʻzbekiston Respublikasida budjet jarayonida amalga oshirilayotgan islohotlar, soliq tizimidagi oʻzgarishlar boʻyicha maʼlumot berilib, talabalar bilan ushbu mavzuga oid amaliy mashgʻulot oʻtkazildi. Shuningdek, talabalarga tashabbusli budjetlashtirishning jahon tajribasi, Oʻzbekiston Respublikasida tashabbusli budjetlashtirishni amalga oshirish mexanizmi yoritib berildi. Talabalar ushbu mavzuga oid bilimlarini mobil ilova dasturlaridan foydalangan holda, onlayn test yechish orqali mustahkamlab oldilar. Mazkur jarayon talabalar oʻrtasidagi musobaqaga aylandi.




Bundan tashqari, seminar-trening davomida professor-oʻqituvchilar tomonidan talabalarga davlat budjeti gʻazna ijrosi, davlat xaridlari hamda budjet hisobi va hisoboti yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Mazkur seminar koʻtarinki ruhda va talabalarning faol ishtiroki bilan yakunlandi. Talabalarni qiziqtirgan barcha savollariga professor-oʻqituvchilar tomonidan atroflicha javob berildi. Seminar yakunida talabalar bunday tadbirlarning muntazam tashkil etilishi yuzasidan taklif bildirdilar.