Band boʼlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlash borasida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 mayda “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5052 sonli Farmoni qabul qilingan.
Farmon talablaridan kelib chiqib, vaqtinchalik band boʼlmagan aholining yoʼl va uy-joy kommunal infratuzilmasi obʼektlarini qurishda, taʼmirlash va rekonstruktsiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda ishtirok etishini moliyalashtirib borish maqsadida Jamoat ishlari jamgʼarmasi tashkil etilgan.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida jamoat ishlariga
284 ming nafar fuqarolar jalb etilgan boʼlib, ularga Jamgʼarma hisobidan 189,4 mlrd.soʼm ish haqi toʼlab berilgan.
Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan Jamoat ishlari jamgʼarmasi mablagʼlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan oʼtkazilgan nazorat tadbirlarida 4,7 mlrd.soʼm, shundan joriy yilning 3-choragida 1,3 mlrd.soʼm Jamgʼarma mablagʼlarini asossiz va noqonuniy sarflanish holatlari aniqlandi.
Eng achinarlisi, Jamgʼarma mablagʼlarini maqsadli sarflanishiga masʼul boʼlgan tashkilot hodimlari tomonidan oʼz xizmat vazifalarini bajarishda suisteʼmolchiliklarga yoʼl qoʼyish holatlari aniqlangan.
Misol uchun, Аndijon shahar Аholi bandlikka koʼmaklashish markazi bosh hisobchisi “Elga xizmat koʼmakdosh” MChJ rahbari bilan kelishgan holda jamoat ishlarini bajarganlik toʼgʼrisida hech qanday hujjatlarsiz 362,8 mln.soʼm mablagʼni MChJ hisob raqamiga oʼtkazib bergan.
Baliqchi tumani Аholi bandlikka koʼmaklashish markazi bosh inspektori tumandagi 8 ta mahalla fuqarolar yigʼinlari xodimlari bilan kelishgan holda 44 nafar fuqarolar bilan tuzilgan soxta mehnat shartnomalari va jamoat ishlarini bajarilganligi toʼgʼrisida hisobot maʼlumotlari asosida 52,4 mln.soʼm oʼzlashtirilgan.
Bulungʼur tumanidagi “Аgro farovon zamin” agrofirmasi raxbari agrofirmada ishlab kelayotgan 36 nafar xodimlarni (xodimlarni behabarligida) 2019 yil 22 mayda ishdan boʼshatib, 3 oy muddatga haq toʼlanadigan jamoat ishlariga sohta buyurtmani tuman Аholi bandlikka koʼmaklashish markaziga taqdim etib, 27,4 mln.soʼm Jamgʼarmadan asossiz olganligi aniqlandi.
Shuningdek, Buxoro tumandagi 4 ta fermer xoʼjaliklariga hizmat koʼrsatuvchi hisobchi tomonidan fermer xoʼjaliklarida ishlamagan 8 nafar fuqarolar nomidan hujjatlarni rasmiylashtirib, tuman Аholi bandlikka koʼmaklashish markaziga taqdim etish orqali 12 mln. soʼm mablagʼlarni oʼzlashtirgan.
Huddi shu kabi, Аngor tumanidagi “Аngor agro pilla” MChJ tomonidan haq toʼlanadigan jamoat ishiga jalb qilinganlik toʼgʼrisida 37 nafar fuqarolar nomiga soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, Аngor Аholi bandlikka koʼmaklashish markaziga taqdim etib, jamgʼarmaning 65 mln.soʼm mablagʼlari oʼzlashtirib yuborilgan.
Sherobod tumanidagi “Xoʼjaqiya-1” MFY raisi jamoatchilik ishida ishlamagan 3 nafar, hamda jamoatchilik ishlariga jalb etilib, keyinchalik boʼshab ketgan 5 nafar fuqarolar nomiga sohta hujjatlarni rasmiylashtirib, tuman Аholi bandlikka koʼmaklashish markaziga taqdim etish oqali 18,4 mln.soʼm mablagʼlarni oʼzlashtirgan.
Bagʼdod tumanda oʼtkazilgan nazorat tadbirlarida “Universal biznes invest” MChJ va yana 23 ta korxona, fermer xoʼjaliklarida 106 nafar fuqarolar nomiga hujjatlarni soxtalashtirish yoʼli bilan 103 mln.soʼm jamgʼarma mablagʼlari oʼzlashtirilganligi aniqlangan.
Yuqoridagi xolatlar boʼyicha nazorat tadbirlari hujjatlari tegishli choralar koʼrish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Manba: Mf.uz