
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 18-yanvardagi № 38-k buyrug‘iga asosan Moliya vazirligi G‘aznachiligi Davlat xaridlari departamenti hamda O‘quv markazi bilan hamkorlikda Davlat xaridlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida seminar-trening o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 18-yanvardagi № 38-k buyrug‘iga asosan Moliya vazirligi G‘aznachiligi Davlat xaridlari departamenti hamda O‘quv markazi bilan hamkorlikda Davlat xaridlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hududiy g‘aznachilik boshqarma va bo‘linmalarining davlat xaridlari bo‘yicha mas’ul xodimlariga va ular orqali tuman-shaharlardagi davlat buyurtmachilari, xususan budjet buyurtmachilariga hamda tadbirkorlik subyektlariga yetkazib berish, ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borilishini ta’minlash maqsadida hududiy seminar-trening o‘tkazildi. Toshkent shahar mas’ul xodimlari uchun o‘tkazilgan Mazkur seminar-trening 2021-yil 4-fevralda O‘quv markazi binosida tashkil etildi.
Seminar-treningda Moliya vazirligining Davlat xaridlari departamenti direktori Gulnora Raximova va bo‘lim boshliqlari Jasur Umarov hamda Sarvar Nazarov, O‘quv markazi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
O‘tkazilgan seminar kirish qismida O‘quv markazi direktori Iroda Xamidova so‘zga chiqdi, shuningdek “Davlat budjeti g‘azna ijrosi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Sanjar Boltayev bugungi kunda davlat xaridlariga oid O‘quv markazida joriy etilgan amaliy ishlar, yangiliklar, onlayn o‘quv darslar tashkil etilgani hamda masofaviy ta’lim portali ishga tushgani, barcha tashkilotlar ushbu ta’lim portali orqali davlat xaridlari to‘g‘risidagi bilimlarini kengaytirishi mumkinligi haqida tushuntirib o‘tdi.
Davlat xaridlari departamenti vakili Sarvar Nazarov tomonidan xarid tizimidagi o‘zgarishlar va yangiliklar haqida ma’lumotlar va fikrlari bilan seminar ishtirokchilarini tanishtirdi. Ayniqsa, shartnomani tashkilot tomonidan tuzilishi jarayonida barcha bandlarga e’tiborli bo‘lishliklari, birja savdolarini o‘tkazishda savdo natijalarini qayta-qayta ko‘zdan kechirishlik lozimligi xususida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Seminar-treningda Davlat xaridlari departamenti direktori Gulnora Raximova davlat xaridlarini amalga oshirishning hozirgi holati va amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, seminar ishtirokchilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar hamda sohani takomillashtirish bo‘yicha berilgan savollar va takliflarga tushunchalar berib o‘tildi.