O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 7-apreldagi 32-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Inson resurslarini rivojlantirish va xodimlarni ma’murlash departamenti tomonidan 2021-2023-yillar davomida amalga oshiriladigan ishlar rejasi”ga muvofiq Moliya vazirligi tizimidagi xodimlarning ko‘nikma, mahorat va qobiliyatlarini, xususan vaqtdan unumli va samarali foydalanish qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 9-iyun kuni Moliya vazirligining katta majlislar zalida “Time management” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-treningni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘qituvchisi, sotsialogiya fanlari doktori, imtimoiy psixolog G’affarova Matlyuba Kurbanbayevna olib bordi.

Mazkur seminar-treningda Moliya vazirligining markaziy apparati tarkibidagi tarkibiy tuzilmalar rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, hamda vazirlik huzuridagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Seminar-treningda vaqtni boshqarishning asosiy vositalari, maqsadni qo‘yish texnologiyalari, vaqt kapitali, vaqtning besamar ketib qolishiga sabab bo‘ladigan omillar, inson hayotida vaqtning qancha qismini oilaga, qanchasini ishga, ta’lim olishga, shaxsiy hayotga, sportga, shaxsiy yuksalishga to‘g‘ri taqsimlash texnologiyalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mazkur dolzarb masalalarga bag‘ishlangan videoroliklar tadbir ishtirokchilariga taqdim qilindi.

Ushbu seminar-treningda qatnashgan ishtirokchilar bilan qiziqarli taym-menejment o‘yinlari o‘tkazildi. Eng muhimi tadbir qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi, seminar-trening ishtirokchilariga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va samarali boshqarish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
