
2021-yilning 31-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi hamkorligida Moliya vazirligi tizimi xodimlari uchun “Budjet jarayonidagi islohotlar” mavzusida onlayn davra suhbati tashkillashtirildi.
Mazkur davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha
2021–2023-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosini ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan.
Davra suhbatini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – budjet jarayonidagi islohotlarga oid jarayonlarni yanada kengroq yoritish, budjet jarayonining samarali ijrosini ta’minlash borasida ko‘nikma hosil qilish, budjet jarayoni yuzasidan olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda mavjud xato va kamchiliklarni oldini olish borasida fikr almashishdan iborat.
Davra suhbatida Moliya vazirligi Davlat budjeti departamenti bo‘lim boshlig‘i Artikov Baxtiyor sohaga oid ma’ruzasi bilan ishtirok etib, quyidagi:
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 506-son “2020–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan vazifalar.
– O‘rta muddatli budjetni tayyorlash jarayoni bosqichlari, qadamma-qadam amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
– Moliya vazirligi tizimi xodimlari tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi, o‘rta muddatli budjetni tayyorlash jarayonida va qadamma-qadam amalga oshirilgan ishlarda moliya organlari xodimlari, ayniqsa, yosh kadrlarning mas’uliyatini oshirishga doir masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur davra suhbati o‘rta muddatli budjetni tayyorlash jarayoni bo‘yicha bilimlarni oshirishga, huquqiy ong va zamonaviy dunyoqarashni kengaytirishga, shu yo‘l bilan yurt taraqqiyoti hamda aholimizning turmush farovonligini yanada oshirishga hissa qo‘shadigan malakali kadrlar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.





