O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparatining departamentlari va tarkibiy bo‘linmalarining o‘zaro hamkorlikda ishlash tizimini rivojlantirish orqali moliya tizimi xodimlari ishining samaradorligini oshirish, shuningdek, vazirlik tizimining yosh kadrlari va yangi ishga qabul qilingan xodimlarini ish jarayoniga moslashuvini samarali tashkil qilish hamda “ustoz-shogird” tamoyili asosida ish jarayonini tashkil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining buyrug‘i qabul qilindi. Unga muvofiq, Moliya vazirligi markaziy apparatining barcha departamentlari va tarkibiy bo‘linmalari O‘quv markazi bilan hamkorlikda o‘z faoliyatining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari bo‘yicha joriy yilning yanvar' oyidan boshlab taqdimotlar o‘tkazib kelmoqda.
Ilk taqdimotlar Moliya vazirligining Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti, Davlat ishtirokidagi tijorat banklarini isloh qilishni muvofiqlashtirish departamenti, Ipoteka krediti bozorini moliyalashtirish va rivojlantirish departamenti hamda Davlat budjeti departamenti tomonidan o‘tkazildi.
Taqdimot davomida ishtirokchilar departamentlar faoliyati, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar, mazkur sohalardagi yangilik va o‘zgarishlar yuzasidan batafsil ma'lumotlar, shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga asoslantirilgan javoblar olib borishadi.
Bunday taqdimotlar tizimli ravishda davom etadi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati


