Bugungi kunda moliya sohasidagi islohotlarni, xususan, tashabbusli byudjetlashtirishning mazmun-mohiyatini va uni amalga oshirish mexanizmini yoshlar, ayniqsa, talabalar oʻrtasida yoritish orqali ularni tashabbusli byudjetlashtirish jarayoniga keng jalb qilish maqsadida oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun oʻquv seminarlari tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning 13-aprel kuni Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari istituti” milliy tadqiqot universitetining “Iqtisodiyot” yoʻnalishi talabalariga soha mutaxassislar tomonidan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonining meʼyoriy-huquqiy asoslari, uni amalga oshirish mexanizmi hamda “Mening yoʻlim” loyihasi keng tushuntirilib, joriy yilda “Open budget” axborot portaliga fuqarolarning tashabbusi asosida kiritilgan loyihalar tahlil qilindi.

Shuningdek, talaba-yoshlarga “Davlat xaridlari” mavzusi boʻyicha, yaʼni xaridlari sohasini isloh qilish, tizimning doimiy ravishda takomillashtirib borilishiga qaratilayotgan eʼtibor xususida ham tushintirishlar olib borildi. Shu bilan birga, seminar davomida talabalarning salohiyatini oʻrganish maqsadida mavzudan kelib chiqib amaliy mashgʻulot oʻtkazildi, bunda ularning mutaxassilar tomonidan tayyorlangan Blis savol-javoblar metodi asosida bilimlari yanada mustahkamlandi.

Seminar davomida vazirlikning “Yoshlar – yuqori marralar” platformasi, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida talabalar ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida joriy etilgan “Tashabbuskor byudjet elchisi” tanlovi gʻoliblari haqida ham maʼlumotlar berildi.

Jonli muloqot tarzida oʻtkazilgan amaliy seminarda talabalar mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, koʻplab savollariga soha mutaxassislaridan atroflicha javob oldilar.
