Joriy yilning 4 sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazining professor-oʻqituvchilari va mutaxassislari uchun “Tashkilot xodimlarida vaqt qadriyati, jamoa boʻlib ishlash va oʻzini oʻstirish orqali muvaffaqiyatga erishish koʻnikmalarini shakllantirish” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. Mazkur trening “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazining 2024-yil uchun belgilangan ish rejasi”ga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, u markaz xodimlarining koʻnikma va malakasini oshirishga yoʻnaltirilgan.

Seminar-treningni sohaning malakali mutaxassisi, sotsiologiya fanlari doktori, dotsent Gʻafforova Mavluda Qurbonboyevna olib bordi. Seminar-treningning asosiy maqsadi rahbar xodimlar, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarning kasbiy mahorati va koʻnikmalarini rivojlantirish, yuqori tashkilotchilik va ishchanlik qobiliyati, dunyoqarashi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, ularda vatanparvarlik, gʻurur, iftixor, kasbiga sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini rivojlantirishdan iborat boʻlib, unda quyidagi mavzular keng yoritildi:
- ahil jamoani shakllantirish usullari: zamonaviy boshqaruvda jamoaviy ishlash qobiliyatlari va yetakchilik imijini shakllantirish usullari;
- odob-axloq qoidalari: tashkilot xodimlarining odob-axloq qoidalariga rioya etishi;
- nizoli vaziyatlarni boshqarish: nizolarni hal qilish va stress bilan ishlash boʻyicha samarali usullar;
- taym-menejment va vaqt qadriyati: vaqtni boshqarish va taym-menejment koʻnikmalarini ish faoliyatida qoʻllash va boshqalar.

Eng muhimi mazkur trening qiziqarli va amaliy mashqlarga boy boʻlib oʻtdi, xodimlarga koʻtarinki kayfiyat berdi, shu bilan birga, oʻz ish faoliyatlarini yangi fikr, yangi gʻoyalar bilan davom ettirish, shuningdek, ish jarayonidagi muhim topshiriqlarni tezkor va samarali bajarish uchun vaqtni toʻgʻri taqsimlay bilish va natijaga erishish singari jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar, bu kabi treninglar nafaqat xodimlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga, balki umumiy ish samaradorligini oshirishga hamda tashkilotning muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishiga xizmat qilishini taʼkidlashdi.