Joriy yil iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadigan “Tashabbusli byudjet” tadbirlarini sifatli tashkil qilish, bunda jarayon davomida fuqarolar tomonidan ilgari suriladigan loyihalarni saralab olishda moliya organlari hodimlarini nazariy va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilning 20 iyun kunidan boshlab Moliya vazirligining O‘quv markazi binosida tuman (shahar)lar moliya bo‘limlarining “Tashabbusli byudjet” tadbirlariga ma’sul etib biriktirilgan xodimlari uchun o‘quv seminar treningi tashkillashtirildi.

O‘quv seminar treningining ilk kuni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi 5072-sonli “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta‘minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘gʻrisida” gi qarori mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining 2021-yil 22-apreldagi QQ-213-IV-son “Mahalliy byudjet mablag‘larini sarflanishida jamoatchilik ishtirokini ta‘minlash to‘gʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Tuman (shahar) byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘gʻrisida”gi Namunaviy nizom doirasida belgilangan tartib yuzasidan Moliya vazirligi Davlat byudjeti departamenti mas’ul xodimlari tomonidan ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.


Shu bilan bir qatorda xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida Pensilvaniya davlat universiteti professori Timur Moldogaziyev hamda Rossiya Federatsiyasi Moliya Vazirligi huzuridagi Ilmiy tadqiqotlar moliya instituti (NIFI) tashabbusli byudjet markazi rahbari Vladimir Vagin ishtirokida tuman (shahar)lar moliya bo‘limlarining ma’sul biriktirilgan xodimlari uchun “mehmon ma’ruzalar” (“guest lectures”) ham tashkil etildi.

Seminar trening davomida ishtirokchilar soha mutaxassilaridan “Tashabbusli byudjet” loyihani amalga oshirish mexanizmi, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonining me’yoriy-huquqiy asoslari, joriy yilda loyiha doirasida axborot portali orqali fuqarolarning tashabbusi asosida kiritilgan loyihalarning hayotga tadbiq etilishi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

“Tashabbusli byudjet” tadbirlariga ma’sul etib biriktirilgan xodimlari uchun o‘quv seminar treninglari joriy yilning 10-iyul kuniga qadar davom etadi.
