O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13 apreldagi PQ–5072-son “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan budjet mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirishni nazarda tutuvchi mexanizm hamda uning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Shu maqsadda, joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi direktori I.Xamidova, professor-o‘qituvchilari S.Boltayev, B.Ilhomov hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Davlat budjeti departamenti mutaxassisi X.Hamdamova hamkorligida Toshkent arxitektura va qurilish institutida, shuningdek, shu kunning o‘zida Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida talabalar uchun “O‘zbekistonda tashabbusli budjet jarayonlarini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida seminar tashkil etildi.



Seminarda tashabbusli budjetlashtirish jarayoni va Moliya vazirligida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.




Shuningdek, mamlakatimizda tashkil etilgan tashabbusli budjet orqali fuqarolar o‘zlari yashab turgan hududlardagi muammolarning yechimini hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini berishi, fuqarolar budjet ijrosi jarayonida faolligini oshirish, fuqarolar va mahalliy hokimiyatning o‘zaro hamkorligiga o‘z hissasini qo‘shish hamda mahalliy infratuzilmani rivojlantirishda bevosita fuqarolar tashabbusi asosida budjet mablag‘larini yo‘naltirishning takomillashtirilgan mexanizmi borasida seminar ishtirokchilariga batafsil tushunchalar berildi. Xususan, “Openbudget.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tish, fuqaro uchun kerakli loyihani joylashtirish, moderatsiya jarayoni, taqdim etilgan loyihaga ovoz berish hamda g‘olib loyihalar ijrosini fuqarolar tomonidan monitoring qilish bosqichlari haqida alohida to‘xtalib, amaliy ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlar ishtirokida tashkil etilgan mazkur seminar yakunida talabalar mutaxassislarga mavzu yuzasidan o‘zlarining qiziqtirgan savol va muammolariga keraklicha javob oldilar, takliflar bilan murojaat etib, o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.