Birodar xalqlar o‘rtasidagi ko‘pyoqlama hamkorlikni rivojlantirish hamda do‘stlik, strategik sherikchilik, hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilikni yanada mustahkamlash davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Joriy yilning 25-fevral kuni Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida Tojikiston Respublikasi Moliya vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Dastlab, Tojikiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Yusuf Madjidi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova bilan uchrashdi. Uchrashuv ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi direktori Iroda Hamidova va Budjet-soliq tadqiqotlari instituti direktori Jaxongir Negmatovlar delegatsiya a’zolariga o‘quv markazi va institut faoliyatlari to‘g‘risida taqdimotlar qilishdi. Taqdimotlar yakunida delegatsiya a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga asoslantirilgan javoblar olishdi va o‘zaro fikr almashishdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari O‘quv markazining binosi, o‘quv xonalari, konferensiya zallari, zamonaviy texnika jihozlari va kutubxona bilan yaqindan tanishdi. O‘quv markazining zamonaviy axborot texnologiya vositalari bilan jihozlanganligi va unda yaratilgan sharoitlar delegatsiya a’zolarida katta ta’surot qoldirganligini ta’kidlashdi.

Uchrashuv yakunida hamkasblar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib olishdi.