Kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va yoshlar bandligini oshirish, shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ–249-son qarori qabul qilingan. Ushbu qarorda har yili kamida bir marta nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida ishtirok etish tartib-taomillari yuzasidan qisqa muddatli bepul o‘qitish kurslarini tashkil etish belgilangan.

Shu maqsadda “Davlat xaridlari” bo‘yicha tasdiqlangan dastur va reja-jadvaliga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining Davlat budjetining g‘azna ijrosi kafedrasi katta o‘qituvchisi Boltayev Sanjar Botirovich 2025 yilning 21–24-yanvar kunlari Samarqand viloyatida bo‘lib, Samarqand shahri, Urgut tumani, Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida ishtirok etish tartib-taomillari hamda PQ–249-son qarori mazmun mohiyati tushuntirildi.


Nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlari xaridlar sohasida bilim va malakasini doimiy oshirib borishi uchun O‘quv markazi tomonidan yaratilgan masofaviy ta’lim portali (masofa.tcmf.uz) bilan ham tanishtirildi.

Respublikamiz hudularida tashkil etilayotgan seminar-trening amaliyotda uchraydigan muammo va savollarga yechim topishda va budjet buyurtmachilarining budjet ijrosi jarayonida, tadbirkorlik subyektlari uchun esa davlat xaridlarini amalga oshirishda samarali bo‘lganligi ta’kidlandi.