Sizning e’tiboringizga ilk bora O’zbekiston Respublikasi hududlaridan biri – Toshkent viloyati misolida “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri taqdim etilmoqda.
Yurtimizda “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashrini jamoatchilikka taqdim qilinishidan asosiy maqsad aholining keng qatlami uchun axborotning mazmunan qulayligini ta’minlash, byudjet borasida fuqarolar bilan o’zaro hamkorlik qilish mexanizmlarining samaradorligini hamda ularning byudjet sohasidagi savodxonligini oshirishdan iborat.
Toshkent viloyati – mamlakatning yuksak resurs, ishlab chiqarish, infrastruktura va inson salohiyatiga ega bo’lgan yirik hududlaridan biri. Aholi soni jihatidan beshinchi o’rinni egallagan holda O’zbekistonda hududiy jihatdan sakkizinchi, sanoat ishlab chiqarish bo’yicha ikkinchi, yalpi hududiy mahsulot va qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo’yicha uchinchi o’rinni egallaydi.
Toshkent viloyati hududidan mamlakatning bir qancha yirik korxonalari – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O’zbekiston metallurgiya kombinati (Bekobod sh.), hamda «Angren» erkin iqtisodiy zonasi faoliyat yuritmoqda ushbu erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarish va tarmoqlararo klasterlar tashkil qilinmoqda. Yuksak ishlab chiqarish salohiyatining mavjudligi sababli hudud O’zbekiston Respublikasi davlat byudjetining muhim daromad manbasi hisoblanadi.
Shu bilan birga Toshkent viloyati mahalliy byudjetining salmog’i ancha yuqori. Viloyatda ko’plab shaharlar va shahar tipidagi posyolkalar, gaz, suv, elektr ta’minoti kommunal tarmoqlari bilan keng ta’minlangan, keng yoyilgan yo’llar, ko’p miqdordagi ta’lim, sog’liqni saqlash va madaniy muassasalarining ob’ektlari mavjud.
Bundan tashqari, ikkinchi bo’limda Toshkent viloyati byudjetining asosiy daromad manbalari va ularning tarkibi, ayrim soliq va nosoliq daromadlarning mahalliy byudjetdagi roli to’g’risida (viloyat va tumanlar kesimida). Yirik soliq to’lovchilar va ularning Toshkent viloyati byudjetining daromadlaridagi hissalari to’g’risidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Axborot nashrida Toshkent viloyatida yig’iladigan soliqlarni, respublika byudjetidan ajratiladigan ijtimoiy transfertlarning qanday taqsimlanishi, qaysi byudjet tashkilotlari viloyat byudjetidan va qaysilari tuman, shahar byudjetlaridan moliyalashtirilishini ko’rish imkoniyati mavjud.
Manba: Mf.uz