Bugungi kunda fuqarolar tomonidan budjet mablag‘larini shakllanish jarayonidan boshlab to uni sarflanishigacha bo‘lgan jarayonlarni nafaqat kuzatib borishi balki, unda ishtirok etishi imkoniyati yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Rossiya Moliya vazirligi huzuridagi Ilmiy tadqiqotlar moliya instituti (NIFI) va boshqa tashkilotlarning ekspertlari ko‘magida ishlab chiqildi.
Tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, fuqarolarni budjet jarayoniga yanada jalb qilish maqsadida, joriy yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda (tuman va sharaharlar ro‘yxati qaror ilovasi bilan tasdiqlangan) tegishli tuman (shahar)lar budjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. 2022-yildan boshlab esa ushbu tartib barcha tuman va shaharlarga tadbiq etilishi rejalashtirilgan.
Ushbu maqsadlarda joriy yilda istisno tariqasida tuman (shahar)lar budjetlariga respublika budjetidan qo‘shimcha ravishda 92,7 milliard so‘m mablag‘ (Misol uchun: Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahri budjetiga 10,4 mlrd.so‘m, Buxoro viloyati G‘ijdivun tumani budjetiga 9,7 mlrd.so‘m, Navoiy viloyati Xatirchi tumani budjetiga 7,7 mlrd.so‘m) ajratilishi belgilangan bo‘lsa, kelgusi yildan boshlab esa mazkur mablag‘lar tegishli tuman (shahar)lar budjeti parametrlarida ko‘zda tutilishi belgilanmoqda.
Shuni ham ta'kidlash lozimki, qarorga muvofiq 2021-yil 1-iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha mablag‘lari miqdorini 30 foizga oshirish nazarda tutilgan (amaldagi tartib bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘larning kamida 10 foizni tashkil etadi).
Bundan tashqari qaror bilan:
jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilish jarayoni har yili 2 marotaba (1-fevral va 15-iyulga qadar) o‘tkazilishi;
jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan tuman (shahar)lar byudjetlari mablag‘lari tegishincha tuman va shahar hokimligi qoshida ochiladigan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanishi;
“Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqa maqsadlarga sarflanishiga qat'iyan yo‘l qo‘yilmasligi;
tuman (shahar) hokimliklari moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni har chorak yakunidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar o‘zining rasmiy veb-sayti va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirib borishi;
mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlanishi va tegishincha har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib tanlab olingan loyihalarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni ajratishi va ulardan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini tasdiqlashi belgilanmoqda.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati