
Rossiya Federatsiyasining “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti (Perm kampusi) direktori Galina Volodina va direktor o‘rinbosari Yelena Shadrinalar joriy yilning 25-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova bilan uchrashdi.
Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda vazirlikning xalqaro moliyaviy munosabatlar departamenti direktori Ajiniyaz Kaypnazarov, Inson resurslarini rivojlantirish va xodimlarni ma’murlash departamenti direktori o‘rinbosari-boshqarma boshligʻi Aliya Mingaliyeva, Davlat xaridlari departamenti bo‘limi boshligʻi Sharof Rustamov va Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi direktori Iroda Xamidovalar ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida Moliya vazirligi tizimi mutaxassislarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash va bu orqali ularning salohiyatini oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi hamda Rossiya Federatsiyasining “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti (Perm kampusi) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi. Mazkur hamkorlik bitimini Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi direktori Iroda Xamidova va Rossiya Federatsiyasining “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti (Perm kampusi) direktori Galina Volodinalar imzoladi.
Bitim doirasida tomonlar moliya va davlat xaridlari sohasida malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish, tajriba almashish va mutaxassislar stajirovkasini tashkil etish, o‘zaro hamkorlikdagi ta’lim va tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, birgalikda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, tadqiqotlar va nashrlarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Mazkur hujjatning imzolanishi moliya va davlat xaridlari sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.