Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-sentabr kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, jumladan, davlat byudjetiga tushumlarni ta’minlash holati ko‘rib chiqilar ekan, o‘tgan sakkiz oyda bu boradagi ko‘rsatkichlar prognozga nisbatan yuqori bo‘lgani alohida qayd etib o‘tilgan. Daromadlarni oshirish bo‘yicha foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish, soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha tushumlarni ta’minlash, yashirin ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish muhimligi ta’kidlangan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda “o‘rta biznes” toifasi joriy etiladi, O‘zbekistonda tadbirkorlarga qog‘ozda ko‘rsatilayotgan barcha davlat xizmatlari elektron ko‘rinishga o‘tkaziladi
Toshkent shahri, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ko‘p milliard so‘mlik soliq qarzdorligi undirilmagani, qator tuman va shaharlar rahbarlari izlanmay, yirik soliq to‘lovchilar hisobiga prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishda davom etayotgani tanqid qilingan. “Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlari ishtirokida tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash bo‘yicha inspeksiya soliq rezervlarini o‘rganish va tushumlarni ko‘paytirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning samarasini oshirish uchun yirik soliq to‘lovchilarni elektron hisob fakturalariga o‘tkazish va ularni buxgalteriyani kompyuterda yuritish dasturlariga bog‘lash kerakligi ta’kidlandi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati axborotida.
Moliya vazirligiga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha aniq asoslangan taklif kiritish topshirilgan. Byudjet tushumlarining 21 foizini ta’minlaydigan 20 ta shahar va tuman bilan bevosita ishlash uchun ularga mutasaddi rahbarlar biriktirilgan. Davlat byudjetining daromadlar qismini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan hududiy soliq idoralari rahbarlari ogohlantirilgan. “Prezident prognozni oldindan to‘lov hisobiga bajarish qat’iyan man etilishini ta’kidladi”, — deb qayd etmoqda Prezident matbuot xizmati.
Qo‘shimcha qilishlaricha, yig‘ilishda tadbirkorlar, ekspertlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etilgan.
Manba: Daryo.uz