
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining “Davlat boji to’g’risida”gi Qonuniga qo’shimcha kiritish haqida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilgan bo’lib, unda davlat bojini to’lashdan tushadigan mablag’larni to’liq Davlat byudjetiga o’tkazilishi ko’zda tutildi.
Bugungi kunda davlat bojinining ayrim turlari bo’yicha to’lanadigan mablag’lar byudjetdan tashqari jamg’armalar va Davlat byudjeti o’rtasida taqsimlanib kelinmoqda. Xususan, davlat bojining ba’zi turlari bo’yicha mablag’larning 85 foizigacha qismi byudjet tashkilotlarning byudjetdan tashqari jamg’armalariga o’tkaziladi.
Ushbu loyiha Moliya vazirligi tomonidan byudjetdan tashqari jamg’armalar hamda vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari hisob-raqamlarini O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga konsolidatsiyalashtirish bo’yicha olib borilayotgan ishlarning davomi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: 2016 yildagi islohatlar boshlanguniga qadar davlat xarajatlarining yarmidan ko’prog’i byudjet doirasidan tashqarida (byudjetdan tashqari jamg’arma va hisob-raqamlar orqali) amalga oshirilar edi.
Xozirda O’zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq 48 ta byudjetdan tashqari jamg’armalardan 23 ta yiriklari Davlat byudjetiga konsolidatsiyalashtirilgan.
Shu bilan birga, Davlat byudjetiga o’tkaziladigan davlat bojini to’lashdan tushadigan mablag’lar O’zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga muvofiq byudjet mablag’lari oluvchilari o’rtasida qayta taqsimlanadi.