O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standartlari (2-son BHS) “Yagona schyotlar rejasi” (ro‘yxat raqami 3078, 2018-yil 20-oktabr) hamda “Budjet hisoboti” (3-son BHS) (ro‘yxat raqami 3124, 2019-yil 18-yanvar) asosida ishlab chiqilgan “UzASBO-2” dasturiy majmuasida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblash va to‘lash masalalari ham takomillashtirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda O‘quv markazi tomonidan vazirlikning hududiy iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlari, vazirlik huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hududiy bo‘linmalari hamda vazirlik huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlaridan kelgan tinglovchilar uchun “UzASBO-2” dasturiy majmuasida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lash masalalari bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘quv markazi direktor o‘rinbosari Sh. Xaydarov hamda markazning professor-o‘qituvchilari — Sh. Qurbonov, M. Qosimov, K. Abduraximov hamda vazirlik markaziy apparati mutaxassislari — E. Xo‘jamberdiyev, M. Tursunov, Axborot texnologiyalari markazidan F. Muxamedkarimov ishtirok etdi.

“UzASBO-2” dasturiy majmuasida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblash va to‘lashda nimalarga e’tibor qaratilishi dasturiy majmuada ishlab chiqilgan yangilik va o‘zgartirishlarni vazirlikning Moliya-iqtisod boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbasari E. Xo‘jamberdiyev va vazirlik huzuridagi Axborot texnologiyalari markazi mutaxassisi F. Muxamedkarimov tomonidan tadbir ishtirokchilariga batafsil tushuntirib berildi.

Vazirlik ichki audit xizmati xodimi M. Tursunov tomonidan vazirlikning hududiy iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlarida o‘tkazilgan ichki audit tadbirlari davomida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblash va to‘lashda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni keltirib ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirishlar berib o‘tdi.

Tahlil va munozaraga asoslanib tashkil etilgan ushbu davra suhbati davomida tinglovchilar o‘zlarining qiziqtirgan savol-javoblariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar.