Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʻor standartlarini joriy etish, jumladan oʻquv dasturlarida nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Taʼlimning zamonaviy usul va shakllarini qoʻllagan holda uning amaliyot bilan integratsiyasini taʼminlash borasida hamkorlik nazariy bilimlarning amaliyot bilan uygʻunlashuviga va natijada ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadigan, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlanishiga olib keladi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining ixtisoslashgan yoʻnalishlarida tahsil olayotgan birinchi kurs talabalari uchun “Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Mazkur seminar-trening talabalar uchun darsdan tashqari sayyor dars koʻrinishida Oʻquv markazida tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan “Budjet savodxonligi” haftaligi doirasida oʻtkazildi.

Seminar-treningda talabalar davlat budjeti, budjet jarayoni, davlat budjeti gʻazna ijrosi va davlat xaridlari jarayonida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashsbbusli budjetlashtirish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan asoslantirilgan javoblar olishdi. Mavzular doirasida talabalar bilan “Blis o‘yin”,” kahoot!” dasturida so‘rovnoma o‘tkazildi, hamda g‘oliblar aniqlanib, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida, ishtirokchilar seminar-trening juda qiziqarli oʻtganligini, asosiysi foydali boʻlganligini va bunday tadbirlar talabalarning malakali kadrlar boʻlib yetishib chiqishiga xizmat qilishini eʼtirof etishdi. Shuningdek, bunday sayyor amaliy darslarni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidlashdi.

