2022 yil 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi tomonidan ““2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunida va Soliq kodeksida belgilangan asosiy ustuvor vazifalar” mavzusida onlayn seminar oʻtkazildi. Seminarda Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi xodimlari, hududiy moliya tizimi xodimlari hamda byudjet tashkilotlarining hududiy moliya-hisob boʻlinmalari xodimlari onlayn tarzda ishtirok etdilar.
Mazkur seminar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha 2021–2023 yillarga moʻljallangan strategiyasi ijrosini taʼminlash yuzasidan tashkil etildi.
Seminarni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad – “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunida va yangi taxrirdagi Soliq kodeksida belgilangan asosiy ustuvor vazifalarni yanada kengroq yoritish, 2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonunida nazarda tutilgan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatgichlar, davlat budjeti daromadlari koʻrsatkichlari hamda soliq stavkalaridagi oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar berish, joriy etilgan soliq imtiyozlari yuzasidan belgilangan islohotlar borasida fikrlar almashishdan iborat.

Seminarda quyidagi yoʻnalishdagi masalalar boʻyicha batafsil maʼlumot berildi:
- 2022-2024-yillar uchun asosiy ustuvor vazifalar;
- soliq stavkalariga kiritilgan oʻzgartirishlar;
- vaqtinchalik soliq imtiyozlari.

Seminar davomida vazirlik tizimi xodimlari tomonidan berilgan savollarga asosli javoblar berildi, soliq sohasiga oid vazifalar va maqsadlarning eʼtiborli jihatlari hamda bunda moliya organlari xodimlarining vazifalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.