Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasidagi hukumatlararo kelishuv asosida Oʻzbeksitonda faoliyat yuritayotgan Nemis Xalq universitetlari Assotsiatsiyasining (DVV) Oʻzbekistondagi filiali tomonidan 2024-yil 23–24-aprel kunlari Toshkent shahridagi “Milan” mehmonxonasida “Moliyaviy hisobotlar va loyihalarni samarali boshqarish” mavzusida ikki kunlik trening boʻlib oʻtdi. Mazkur trening Nemis Xalq universitetlari Assotsiatsiyasining (DVV) Oʻzbekistondagi filiali va hamkor tashkilotlar, jumladan, hududlardagi madaniyat markazlari va boʻlimlariga, shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlariga, “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi, “Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifiy markazi, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi Buxoro viloyati filiali, “Qalb Nuri” Jizzax viloyati markazi, “Interbilim” ayollar va bolalarni qoʻllab-quvvatlash Xorazm viloyati markazlarining direktorlari va bosh buxgalterlari uchun tashkil etildi.
2024-yil 23-aprel kuni boʻlib oʻtgan trening kursida Nemis Xalq universitetlari Assotsiatsiyasining (DVV) Oʻzbekistondagi filiali rahbari T. Zaichenko soʻzga chiqib mazkur trening maqsadi, dolzarbligi va kutilayotgan natijalar xususida fikr bildirib, trenerlar bilan tanishtirdi hamda trening ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.

Tanishtiruvdan so‘ng ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazining “Davlat moliyasi kafedrasi” dotsenti, p.f.f.d. (PhD) Ilxomov Baxodir tomonidan “Iqtisodiyotni raqamlashtirish” mavzusida trening oʻtkazildi.
Trening davomida B. Ilxomov tomonidan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” Strategiyasiga muvofiq iqtisodiyotni raqamlashtirishning asosiy konsepsiyalari, zamonaviy elektron platformalardan foydalanish, shuningdek, butun dunyoda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan sunʼiy intellekt mavzusi, ushbu sunʼiy intellekt texnologiyalarining sohalarga joriy etilishi yuzasidan muammoli maʼruza va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Nazariy mashgʻulotlarda sunʼiy intellektning rivojlanishi bilan birga, xavfsizlik masalalari ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligi xususida muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Ta’kidlash joizki, aynan sunʼiy intellektning tibbiyot, taʼlim, ishlab chiqarish, transport va boshqa koʻplab sohalarda qoʻllanilishi keng koʻlamli imkoniyatlarni taqdim etish bilan birga, mazkur texnologiyalarning rivojlanishi bilan bogʻliq xavfsizlik masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini sohalarga tatbiq etishda xavsiz yechimlarini ishlab chiqish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va raqamli infratuzilmalarning xavfsizligini taʼminlash uchun choralar qoʻllanilishi orqali raqamli savodxonlik ham muhim ahamiyatga ega ekanligi trening ishtirokchilariga tushuntirib berildi.

Amaliy mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, iqtisodiyotni raqamlashtirish mavzusi boʻyicha uslubiy taʼminotli oʻyinlar, jumladan, blits savol-javob metodlaridan foydalangan holda nazariy bilimlarini mustahkamladilar.
“Iqtisodiyotni raqamlashtirish” mavzusida olib borilgan ushbu trening ishtirokchilariga tegishli sohalar boʻyicha bilim va tajribalarini boyitishga yordam berish bilan birga, boshqaruv va moliya sohalaridagi mutaxassislar oʻrtasida bilim va tajriba almashish, kasbiy mahoratlarini oshirishda beqiyos imkoniyat yaratdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.