O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyulda “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish” masalalari muhokama qilinib o‘tkazilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 522-sonli qarori ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Yuqoridagi qaror talablariga muvofiq respublika hududida 2019-yil 1-iyuldan boshlab ixtiyoriy ravishda, 2020-yil 1-yanvardan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimini majburiy tartibda joriy etishi belgilangan. Shundan kelib chiqib, hozirgi kunda vazirlik tomonidan “UzASBO Faktura” elektron hujjat almashish tizimi invoice.uzasbo.uz ishga tushirilgan bo‘lib, u Davlat Soliq qo‘mitasi rasmiy operatori hisoblanadi.
Mazkur tizim orqali Davlat xaridlari tartib-tamoyillariga asosan budjet tashkilotlari hamda budjet mablag‘lari oluvchilar tovar (ish, xizmat) yetkazib beruvchilari bilan tovar (ish, xizmat)lar uchun harajatlarni amalga oshirishda inson omilisiz, elektron hisobvaraq-fakturalar orqali o‘zaro hisob-kitob qilish mexanizmi avtomatlashtirilgan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tizim eng zamonaviy talablarga javob beradigan darajada mukammal ishlab chiqilgan bo‘lib, foydalanuvchilar uchun juda oson va bir qancha qulayliklarga ega jumladan, unda:
1) tashkilotlararo elektron hisobvaraq-fakturalarni o‘zaro almashish;
2) elektron dalolatnomalarni (aktlar) o‘zaro almashish;
3) elektron ishonchnomalarni o‘zaro almashish;
4) maxsus bot orqali elektron hujjatlarni Telegram messenjerida holatini bilib turish;
5) tizimdagi hujjatlar ustida bajarilgan amaliyotlar yuzasidan foydalanuvchining turli hisobotlarni olish imkoniyati;
6) excel kengaytmali hujjatlarni tizimga import qilish
7) elektron hujjatlarni chop qilish va qator boshqa imkoniyat hamda qulayliklar mavjud.
Bugungi kunda ushbu tizimda tashkilotlararo elektron hisobvaraq-fakturalar yuborish orqali to‘lovlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Istiqbolda ushbu tizimni Moliya vazirligining davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga integratsiya qilish hamda barcha budjet tizimi budjetlari tomonidan mahsulot (ish, xizmat) yetkazib beruvchilar bilan yuqoridagi qarorga muvofiq faqat elektron hisobvaraq-faktura orqali to‘lovlarni amalga oshirish va qog‘oz shaklda taqdim qilinadigan hisobvaraq-fakturalarni qabul qilmaslik rejalashtirilgan.
Tizim hozirgi kunda dolzarb hisoblanib, budjet ijrosi jarayonida inson omilini kamaytirish, nazoratni kuchaytirish, shaffoflikni oshirish va xodimlarning og‘irini yengil qilishini hamda har bir operatsiyaning tezkor ravishda bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Tizimda buxgalterlar orasida ommalashgan 1S tizimi uchun ham plagin mavjud.
Hozirda “UzASBO Faktura” elektron hujjat almashish tizimiga ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ketmoqda. Budjet tashkilotlari, budjet mablag‘lari oluvchilar hamda tovar (ish, xizmat) yetkazib beruvchilari o‘z savollari bilan Moliya Vazirligi Axborot hisoblash markaziga va Moliya vazirligi G‘aznachiligiga murojaat qilishlari mumkin.