Ma’lumki, vazirlik va idoralarda mehnat muhofazasining to‘g‘ri tashkil etilishi xodimning ish faoliyati samaradorligining oshishiga xizmat qiladi. Mehnatni muhofaza qilish deganda mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, hayoti va sog‘lig‘i, ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga doir huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya tadbirlari hamda vositalari tizimi tushuniladi.
Bu boradagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil
28-fevraldagi 14/91-1-sonli topshirig‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida
Moliya vazirligida o‘tkazilayotgan “Mehnat muhofazasi haftaligi” doirasida vazirlik tizimi xodimlari uchun “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Mazkur seminar-trening Moliya vazirligi huzuridagi
O‘quv markazining katta anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu seminarda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutining Avariya qutqaruv ishlarini tashkil etish kafedrasi professori, texnika fanlari nomzodi Yuldashev O‘rinboy Raxmonberdiyevich ma’ruzachi sifatida taqdimot bilan ishtirok etdi.

Taqdimot davomida O‘.Yuldashev mehnat muhofazasi sohasida qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ish beruvchi va xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlari, shuningdek rahbar va xodim o‘rtasidagi mehnat sharoitlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha munosabatlar va javobgarlik masalalari keng yoritib berildi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilar ish jarayonida mehnat muhofazasi sohasida uchrayotgan muammoli vaziyatlar bo‘yicha va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga asoslantirilgan javoblar olishdi.

Yakunda, ishtirokchilar seminar juda qiziqarli o‘tganligini, asosiysi foydali bo‘lganligini va bunday tadbirlar tashkilotlarda mehnat muhofazasini samarali tashkil etishga, hamda xodimlar mehnatini muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilishini e’tirof etishdi.