Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazida malaka oshirayotgan vazirlik tizimi xodimlari uchun “Mening maktabim” loyihasining mazmun-mohiyati va uni amaliyotga joriy etishning dolzarb masalalari yuzasidan oʻquv seminari oʻtkazildi.
Mazkur seminar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat budjeti siyosati departamenti hamda Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligining Ilmiy-tadqiqot moliya instituti (keyingi oʻrinlarda – NIFI) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda “Maktab tashabbusli budjetlashtirishning nazariy asoslari” mavzusida NIFIning Tashabbusli budjetlashtirish markazi rahbari Vladimir Vagin, “Maktab tashabbusli budjetlashtirishning umumiy amallari” mavzusida Tashabbusli budjetlashtirish maslahatchisi Alyansi direktori Mixail Shevelev, “Oʻzbekiston Respublikasida maktab oʻquvchilarining loyihalash faoliyatida tashabbusli budjetlashtirishning oʻrni” mavzusida NIFIning Tashabbusli budjetlashtirish markazi ilmiy xodimi Yelena Karpova va “Maktab tashabbusli budjetlashtirish toʻgʻrisida xabardor qilish” mavzusida NIFIning Tashabbusli budjetlashtirish markazi eksperti Eduard Titov o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat budjeti siyosati departamenti mutaxassislari U. Rustamov, A. Xasanov, X. Xamidov va U. Choriyev, Oʻquv markazi direktori I. Xamidova hamda direktor oʻrinbosari Sh. Xaydarov “Mening maktabim” loyihasi yuzasidan respublikaning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amalga oshirib kelinayotgan islohotlar, kelgusi davr uchun rejalashtirilayotgan ishlar bo‘yicha oʻz fikrlarini bildirishdi.

Seminar ishtirokchilari “Mening maktabim” loyihasining ahamiyati va bu sohadagi jahon tajribasi boʻyicha oʻzlarining qiziqtirgan savollariga ekspertlar tomonidan asoslantirilgan javoblar olishdi, o‘z navbatida, xorijiy mutaxassislarning mazkur loyihani Oʻzbekistonda amalga oshirish istiqbollari va loyiha koʻlamini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalari bildirildi.
Yakunda ishtirokchilar oʻquv seminari juda qiziqarli oʻtganligi, foydali boʻlganligi va bunday tadbirlar “Mening maktabim” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qilishini alohida eʼtirof etishdi.