Mehnat muhofazasi – insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyatining saqlanishiga qaratilgan tadbirlar majmuasidir.
Maʼlumki, yurtimizda joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar “Yongʻin xavfsizligi” oyligi oʻtkazilmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning 30-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Moliya organlari va byudjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2023-yil 23-fevraldagi 14/91-1-sonli topshirigʻi ijrosi yuzasidan manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda markaz xodimlari va malaka oshirish kurslaridagi vazirlik tizimi mutaxassislari uchun mehnat muhofazasi masalalariga bagʻishlangan seminar-trening tashkil etildi.

Seminar-trening mobaynida “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunning mazmun-mohiyati” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazining “Mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish” kafedrasi mudiri, professor Nurmamatova Rahima Rahmanovna hamda “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish tartib-qoidalari” mavzusida Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimining katta serjanti Nosirov Mirzoxid Maqsudovichlar taqdimotlar oʻtkazishdi.

Seminar trening ikki bosqichda oʻtkazildi.
Birinchi bosqich nazariy mashgʻulot boʻlib, unda seminar ishtirokchilariga mehnat muhofazasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarining mazmuni hamda mehnat muhofazasini tashkil qilish masalalari atroflicha yoritib berildi. Ikkinchi bosqich amaliy mashgʻulot boʻlib, unda ish vaqtida vujudga kelgan favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartib qoidalari va unda koʻriladigan choralar toʻgʻrisida soha mutaxassislari tomonidan maxsus texnikalarni jalb qilgan va asbob-uskunalarni qoʻllagan holda amaliy tarzda koʻrsatib berildi.

Shuningdek, trening mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalq farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda ishchi-xizmatchilar uchun sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish” davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan etib belgilanganligi joylarda ijobiy samara berib kelayotganiga alohida urgʻu berildi. Shu bilan birgalikda yuqoridagi ishlar bilan bir qatorda, ayrim hollarda baʼzi tashkilotlarda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan baxtsiz hodisalar sodir boʻlib kelayotgani ham taʼkidlandi.

Seminarda vazirlik tizimi xodimlari mehnat muhofazasi mavzusida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan oʻrinli javoblar olishdi hamda mavzu doirasida fikr almashishdi.
Yakunda, ishtirokchilar seminar juda qiziqarli oʻtganligini, asosiysi foydali boʻlganligini va bunday tadbirlar tashkilotlarda mehnat muhofazasini samarali tashkil etishga, hamda xodimlar mehnatini muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilishini eʼtirof etishdi.