Taxminlarga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 2040-yilga borib, 50 mlnga yetishi taxmin qilinmoqda. Mamlakatimizning katta davlatga aylanib borayotganligi, aholining yarmidan koʻpi yoshlar boʻlishi, ularga munosib sharoit yaratib berish uchun avvalo, barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv va ijtimoiy kafolatlar boʻlishi lozim. Ayni shu maqsadlarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyani yangilashga zarurat paydo boʻlgan edi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi oʻquv markazida vazirlik tizim xodimlari hamda markaz tinglovchilari uchun 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan yangilangan Konstitutsiyamizga bagʻishlangan “Konstitutsiya – bosh qomusimiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning burchimiz” mavzusida tadbir tashkil qilindi. Tadbirni Oʻquv markazi direktori Iroda Xamidova kirish soʻzi bilan ochib berib, oʻz maʼruzasida oʻquv markazi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, shaffoflikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, markazda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻtkazilgan tadbirlar hamda ushbu mavzuga doir chop etilgan maqola va nashrlar haqida ishtirokchilarga axborot berdi.

Yuqori kayfiyatda oʻtkazilgan uchrashuvda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish kafedrasi katta oʻqituvchisi Zafarjon Rahmonov “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning asosiy huquq va erkinliklari, ularni cheklash asoslari” nomli maʼruzasida yangi Konstitutsiyamizdagi asosiy yangiliklarni taqdim etdi.

Shuningdek, Toshkent davlat Yuridik Universitet professori Muattar Raximova “Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Davlat siyosati va uning ustuvor yoʻnalishlari” mavzusiga toʻxtalib, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining huquqiy asoslari, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslarda barqaror oʻsish natijalari haqida maʼlumotlarni aytib oʻtdi. Shu bilan birgalikda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunda dolzarb vazifalarimizdan biri ekanligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar mavzuga oid test va viktorinalarda qatnashib, maxsus sovgʻalarni qoʻlga kiritishdi.