O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida 2021-yilning iyun oyida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” tadbirlari tashkil etilgan edi.
“Yoshlar oyligi” doirasida “Kitobxon-2021”, “Yilning eng faol yosh moliyachisi” ko‘rik-tanlovlari e’lon qilingan edi.

Unda vazirlik markaziy apparati va moliya tizimi xodimlari faol ishtirok etishdi.
Kitobxon tanlovida ishtirokchilar tanlab olingan 3 ta (Marsel Brion “Menkim, Sohibqiron-Jahongir Temur”, Teodor Drayzer “Amerika fojiasi”, Tog‘ay Murod “Otamdan qolgan dalalar”) asarlar asosida o‘zaro berilashishdi.
“Yilning eng faol yosh moliyachisi” ko‘rik-tanlovida esa vazirlikning moliya, g‘azna va pensiya tizimidan yosh xodimlar saralash musobaqasi test jarayonlarida ishtirok etib, saralashdan o‘tgan 20 nafar ishtirokchilar respublika bosqichida moliya sohasiga oid g‘oyalarining taqdimotini o‘tkazishdi.
Vazirlik tomonidan tuzilgan hakamlar hay’ati tomonidan tanlov g‘oliblari aniqlanib, joriy yilning 16-iyul kuni g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Moliya vaziri o‘rinbosari Abruyev Jamshid Ismailovich ishtirok etib, tizimda yoshlarga berilayotgan keng e’tibor hamda yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, “Yilning eng faol yosh moliyachisi” ko‘rik-tanloviga taqdim etilgan loyihalarni ishchi tartibda o‘rganib chiqib, amaliyotga keng joriy etish, kitobxonlik tanlovini esa har yili barcha yosh doirasida tashkil etib borish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Tadbir so‘ngida esa g‘oliblar vazirlikning maxsus esdalik sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlanishdi.