Kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish orqali nogironligi boʻlgan shaxslar, ayollar va yoshlar bandligini oshirish, shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ–249-son “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyatga ega boʻlib, mazkur qarorda nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida ishtirok etishda qator imtiyozlar berilgan va qulayliklar yaratilgan.

Kichik tadbirkorlik subyektlariga mazkur qarorning mazmun va mohiyatini yetkazish, ayniqsa ularga davlat xaridlar sohasida yaratilgan qulayliklar va berilgan imtiyozlarni batafsil tushuntirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazining professor-oʻqituvchilari, vazirlikning
Davlat xaridlari siyosati departamenti, Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari mutaxassislari hamda davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari bilan hamkorlikda respublikamizning barcha hududlarida qisqa muddatli bepul oʻqitish kurslarini tashkil etib kelmoqda.

Oʻquv kurslari maxsus grafik asosida seminar-trening shaklida oʻtkazilib, ularda yuqorida qayd etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil
10-iyuldagi PQ–249-son qarorining mazmuni, kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida ishtirok etish tartib-taomillari, elektron doʻkon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng boʻlgan hollarda, nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega boʻlishi hamda davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari tomonidan davlat buyurtmachilari va xarid qilish tartib-taomillari ijrochilariga shartnomalarni bajarish vaqtida kelib chiqadigan sudgacha boʻlgan nizolarning hal etilishida koʻmaklashish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, seminar-treninglar davomida kichik tadbirkorlik subyektlariga davlat xaridlari sohasida bilim va malakalarini muntazam ravishda oshirib borish uchun qulay sharoitlar yaratilganligi toʻgʻrisida ham maʼlumotlar yetkazildi. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi tomonidan yaratilgan masofaviy taʼlim platformasida (masofa.tcmf.uz) davlat xaridlari sohasida qator kurslar tashkil qilingan boʻlib, barcha oʻquv materiallari joylashtirilgan. Mazkur masofaviy taʼlim platformasida oʻqish mutloqa bepul hisoblanadi va platformadan mutaxassislar istalgan vaqtda 24/7 rejimida foydalanishlari mumkinligi tushuntirildi.

Seminar-treninglarda kichik tadbirkorlik subyektlari davlat xaridlari sohasida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan asoslantirilgan javoblar olishdi hamda mavzular doirasida fikr almashishdi.
Yakunda, ishtirokchilar seminar-treninglar juda qiziqarli oʻtganligini, asosiysi foydali boʻlganligini va bunday tadbirlar kichik tadbirkorlik subyektlarini davlat xaridlari jarayoniga koʻproq jalb qilishga yordam berishini va ularning davlat xaridlarida ishtirokini ragʻbatlantirishga xizmat qilishini eʼtirof etishdi.