O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi «Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi» binosida chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Joriy yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksida chet el diplomatik vakolatxonalarining va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek ushbu vakolatxonalar diplomatik va ma'muriy-texnik xodimlari hamda ular bilan birga yashaydigan oila a'zolarini shaxsiy foydalanishi uchun tovarlarni xarid qilishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplab berish tartibi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi vakillari tomonidan tushuntirish berildi.

Qayd etish joizki, bunday tartib boshqa rivojlangan mamlakatlarda keng joriy qilingan bo‘lib mamlakatimiz diplomatlari, texnik xodimlar va ularning oila a'zolari bunday imkoniyatdan keng foydalanadilar.

Bizning mamlakatimizda yangi Soliq kodeksi bilan mazkur turdagi chet ellik fuqarolarga shaxsiy foydalanishi uchun tovarlarni xarid qilishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibining joriy etilishi ham ijobiy baholandi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga tegishli mutassadilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Manba: Mf.uz