Joriy yilning 21-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi hamkorligida “Budjet intizomini taʼminlashda davlat moliyaviy nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tashkil etilgan davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari hamda Oʻquv markazining professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda Hisob palatasining bosh inspektori D. Normatov “Davlat moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksidan foydalanish tartibi” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda “Davlat auditi” axborot tizimidan foydalanish holati va uni yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, Hisob palatasining inspektori Sh. Soliyev “Davlat buyurtmachilari tomonidan xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazishda qonunchilik talablariga rioya etilishi” nomli mavzuda o‘z taqdimoti bilan ishtirok etdi.

Tadbir davomida davlat buyurtmachilari tomonidan xarid qilish tartib-taomillarining oʻtkazilishida qonunchilik talablariga rioya etilmasligi, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvi hamda afillanganlik holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi va shu kabi bir qator masalalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, hozirda xarid qilish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Hisob palatasining masʼul xodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilariga ularning faoliyatlarida ko‘p uchraydigan mavjud muammolarning yechimlari yuzasidan tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.